Shrift o'lchami: A A
Sayt ranggi: A A A A

IJTIMOIY HAYOT (LA VITA SOCIALE)


Italiya - dunyoning eng chiroyli, qiziqarli va g’aroyib mamlakatlaridan biri. Bu mamlakat o’ziga xos xususiyatlari, ranglar jilosiga ega. Italiya ― tog’li mamalakat. Uning katta qismini Alp tog’lari egallaydi. Shimolda Padana tekisligi deb nomlangan, takrorlanmas chiroyga ega maydonlari bor.

Ijtimoiy hayot har bir viloyatida bir-biridan farq qiladi. Bu yerda boylar ham bor, kambag’allar ham bor, o’rta tabaqa vakillar ham bor. Italiyaning shimoli janubga nisbatan ancha rivojlangan, shu sababli u yerlarda hayot qiziydi. Shimol, asosan, sanoatlashtirilgan hududlardan iborat, janub esa qishloq xo’jaligi bilan mashg’ul. Shimolliklar o’zining kiyinishi, ayniqsa Milan, o’zini tutishi, madaniyati, savodi bilan janubdan ajralib turadi. Hozirda Italiyada pul topish, ishga kirish juda qiyin masalaga aylangan. O’rtacha oylik 1000-2000 yevro oralig’ida tebranib turadi, bu esa boshqa davlatlar bilan solishtirganda ancha past ko’rsatgich.

Italiyada san’at turlari, hunarmandchilik juda rivojlangan. Shunday hunarmandchilik turlari borki, ular avloddan avlodga meros bo’lib kelmoqda. Misol uchun, soyabonchilik, niqob tayyorlash va boshqalar. Hozirgi italyan yoshlari orasida chet tilini o’rganish o’sib bormoqda. Italyan yoshlari o’qib, o’zlariga munosib ish topishni o’zlarining asosiy maqsadlari qilib olishgan. Katta yoshdagi aholi uyda o’tirib, dam olishni emas, balki dunyo kezishni, o’zlarini foydali ishga qo’l urib, harakatda bo’lishni afzal ko’rishadi. Italiyada eng ko’p tarqalgan kasb egalari ― advokatlar, dizaynerlar va o’qituvchilardir. Bu kasblarni egallash bu yerda ham obro’li, ham foydalidir.

Italiyaliklar juda hissiyotli, qaynoq temperamentli xalqdir. Ular o’zaro tez gapirishadi, gapirganda ham faqat og’iz orqali emas, balki qo’llarini, mimikasini ishlatib gapirishadi. Imo-ishoralarni ko’p ishlatuvchi xalqlar orasida italiyaliklar kuchli uchtalikka kirishgan. Italiyaliklar qahvani juda yaxshi ko’rishadi, biz achchiq choyni qanchalik yaxshi ko’rsak, ular ham achchiq qahvani shunchalar yoqtirishadi. Shu sababli Italiyada qahvaning yuzlab turlari keng tarqalgan. Qahva tayyorlash ham bu yerda bir san’at hisoblanadi. Qahva tayyorlashning ham o’z qoidalari, rasm-rusumlari mavjud. Espresso deb nomlanuvchi qahva turini tayyorlash uchun ular bor kuchlarini safarbar etishadi. Biz tayyorlaydigan doimiy qahva ular uchun oddiy suvday tuyuladi.

Italiyada din kuchli ahamiyatga ega. Ko’pchilik juda ham dindor va ko’p narsani dinga borib taqashadi. Xudosizlar ham yildan yilga oshib bormoqda. Italiya janubida Italiyani dunyoga taratgan “mafiya”lar hozir ham o’z faoliyatlarini amalga oshirmoqdalar, biroq endi ular qattiq nazoratda, shu sababli endi ulardan qo’rqmasa ham bo’laveradi. Italiyalikdan mafiya haqida so’rash uning xafa bo’lib qolishiga olib kelishi mumkin, shu sababli bunday savollardan tiyilish maqsadga muvofiq. Nemislarning ko’pchiligi Gitlerdan qanchalik nafratlansalar, italiyanlarning ham ko’pchiligi mafiyadan shunchalik nafratlanadilar. Oldinlari mafiya haqiqiy zulm o’chog’i sifatida faoliyat olib borgan bo’lsa, hozirda esa ularning zararidan foydasi ko’proq bo’lyapti.

Italiyaliklar uchun nikoh, turmush qurish kabi so’zlar umuman boshqacha ma’no kasb etadi. Ular ham boshqa yevropa davlatlari singari avvaliga tanishishadi, so’ng birga yashab ko’rishadi, agarda bir-biriga ma’qul kelishsa, turmush qurishadi. Shartnoma qilib turmush qurayotganlar ham oz emas. Italiyaliklarning aksariyati 30-45 yoshlar oralig’ida oila qurishadi, lekin hammasi emas! Italiyada ajrashish butun bir muammoni keltirib chiqaradi, shu sababli ham oilalar chet elga borib ajrashishni ma’qul ko’rishadi.

Italiya ― moda davlati. Shimolda hamma modaga qarab kiyinishadi, kiyimlardagi ranglar uyg’unligi, matoning sifatiga qattiq e’tibor berishadi. Biz uchun italiyaliklarning ko’pchiligini kiyinishi biroz chegaradan chiqish deb tuyulishi mumkin, biroq ular uchun bu haqiqiy san’atdir. Erkaklar uchun klassik kiyinish urf.

Italiya boy tarixi, madaniyati bilan sayyohlarni o’ziga jalb etadi. Italiya haqida to’liq bilmoqchi bo’lgan kishi shu mamlakat haqidagi kinolar, hujjatli filmlarni ko’rishi foydadan holi emas, ammo Italiyani o’ziga borib ko’rish baribir boshqacha, aytishadi-ku “ming marta eshitgandan, bir bora ko’rgan afzal”.




InItalia.uz © 2020-