Shrift o'lchami: A A
Sayt ranggi: A A A A

ITALIYADA TA'LIM (L'ISTRUZIONE IN ITALIA)


Italiya faqat o’zining chiroyi bilan emas, balki o’zining universitetlari bilan ham mashhur. Ma’lumki, italiyada yevropadagi ilk universitet paydo bo’lgan bo’lib, u Boloniya universitetidir. Ushbu oliygoh XI asrdan faoliyat yuritmoqda.

Italiyada ta’lim ― davlat nazorati ostida. Ta’lim vazirligi har qanday darajadagi maktablarni moliyaviy ta’minlaydi va xususiy maktablardagi o’qishni qat’iy nazorat qiladi. Vazirlik davlat maktablari uchun o’quv dasturlarini tuzadi. Italiyadagi deyarli barcha oliy ta’lim muassasalari davlatga qarasada, biroq ular tashkilotchilik, o’quv dasturlarini tuzish va boshqa ishlarni o’zlari hal qiladi. Ta’lim sifatini oshirish maqsadida ko’pgina sohalar uchun majburiy davlat imtihonlari joriy etilgan. Shunday qilib, italiyada ta’limning quyidagi turlari mavjud:

  1. Maktabgacha ta’lim
  2. O’rta ta’lim
  3. Oliy ta’lim
  4. Xorijiy talabalar uchun stipendiyalar

Maktabgacha ta’lim tizimi

3 yoshdan boshlab jajji bolalarni bog’chalarga (scuola materna) berishadi, u yerda ular 3 yil davomida maktabga tayyorlanishadi. Bolalar bog’chasida bolalar 15-30 kishi bo’lib, mashhur pedagog Mariya Montessori metodi asosida o’qishadi. Shundan so’ng bolalarni boshlang’ich maktablarga berishadi.

O’rta talim tizimi

Xorijiy o’quvchilar o’rta ma’lumotni faqatgina xalqaro maktablarda yoki xususiy maktab-pansionlarda (maxsus (yotoqxonali) xususiy yoki davlat o‘quv-tarbiya muassasasi) olishi mumkin. Italiyadagi zamonaviy xalq ta’limi tizimi XIX asrning ikkinchi yarmidan tarkib topa boshlagan. 1859-yildan 6-9 yoshdagi bolalarning majburiy ta’limi  to’g’risidagi qonun qabul qilingan bo’lib, 6-14 yoshdagi bolalar uchun majburiy 8 yillik ta’lim joriy etilgan. Mamlakatda bugungi kunda davlat maktablari bilan bir qatorda diniy ta’lim muassasalari va xususiy maktablar ham faoliyat olib boradi. Italiyada maktablar ikki turga bo’linadi:

  • Scuole paritarie maktablari ― 2000-yildan buyon davlat ta’lim muassasasi sifatida bitiruvchilarga guvohnoma berib kelmoqda.
  • Scuole private autorizzate maktablari ― Bu maktablarni ma’lumotga ega bo’lmagan, shuning­dek, yuridik shaxs bo’lmagan o’rta maktabni bitirgan fuqarolar boshqaradilar. Bunday maktablar bitiruvchilarga sertifikat berish huquqiga ega emas.

Shuningdek, Steynerian maktablari ― anchagina nom qozongan xususiy ta’lim muassasalari mavjud. 2000-yil 11-sentyabrda Italiya ta’lim vazirligi qabul qilgan shartnomaga ko’ra, bu maktablarga faqat boshlang’ich sinf­larni tashkil etish uchun ruxsat berilgan bo’lib, ularda Montessori metodi bo’yicha dars o’tiladi. Shu bois, bunday sinflar rahbarlaridan maxsus Montessori didaktikasi differensial diplomiga ega bo’lish talab etiladi.

Italiya maktablarida ko’p miqdorda o’qituvchilar uchun alohida darsliklar va yordamchi materiallar mavjud. Biroq, o’qituvchilar o’zlari istagan bosh­qa darsliklardan foydalanishlari ham mumkin. Bu esa natijalarning samarali bo’lishini ta’minlaydi.

Ushbu mamlakat ta’lim tizimining boshqa davlatlar ta’lim tizimidan o’ziga xos farqli jihatlaridan biri shundaki, Italiya maktablarida multi sinflar mavjud. Bunday sinf o’quvchilarini turli yoshda bo’lgan bolalar tashkil etadi. Ularning soni 6 dan 12 nafargacha bo’ladi. Multi sinf o’quvchilari birgina o’qituvchi nazoratiga topshiriladi. Lekin bu sinf turlari mamlakatning barcha hududidagi maktablarda ham mavjud emas. Ular faqatgina tog’li joylarda, aholi juda zich joylashgan hududlardagi maktablarda tashkil etiladi. Bu sinfda ota-onalar bolalari bilan shug’ullanish imkoniyati bo’lmagan yoki boshqa sabablarga ko’ra band oilalar farzandlari tahsil olishadi. Maktabda o’quv jarayonini tashkillashtirish maktabning hududiy joylashuvi hisobga olingan holda olib boriladi. So’nggi paytlarda baholash jarayoni Italiyada ham turlicha kechmoqda. Avvaliga baholash tizimi 0 dan 10 gacha bo’lgan raqamlar orqali baholanar edi. Keyinchalik esa, ball tizimi: A, V, S, D, E harflari bilan belgilangan bo’lsa, bugungi kunda 4 daraja orqali  baholanadi. Ya’ni bu: a’lo, yaxshi, qoniqarli, qoniqarsiz.

Italiyada o’rta ta’lim tizimi 3 bosqichga bo’linadi:

  1. Boshlang’ich maktab (scuola elementare) ― 6 yoshdan 11 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun, o’qish muddati ― 5 yil. Boshlang’ich maktablarning o’zi ham 2 bosqichdan iborat:
  • Boshlang’ich 1 (scuola elementare 1)
  • Boshlang’ich 2 (scuola elementare 2)

Bu ikkala bosqich barcha uchun bepuldir. Bu bosqichda o’qish uchun majburiy hisoblangan o’qish, yozish, chizish, hisoblash, musiqa fanlarini o’rganishadi. Xohishlarga binoan diniy fan o’tilishi mumkin. O’quv dasturlari odatda bitta chet tilini o’rgatishni ham belgilaydi. Har bir bosqich yakunida test o’tkaziladi. Bahalosh mezoni esa raqamli emas, balki “og’zaki” (“a’lo”, “yaxshi” va b.). Davlat maktablarida an’anaviy sinfxonalar juda katta. Maktablarning 5% tashkil qiladigan xususiy maktablarda o’quvchilar kam. Beshinchi sinf yakunida o’quvchilar esame di licenza elementare, ya’ni boshlan­g’ich ta’limning yakunlanishi imtihonini topshiradilar. Italiyada xususiy maktablarga o’qish yakunida o’quvchilarga o’zlarining shahodatnomalarini berish taqiqlanadi, shu sababli o’quvchilar davlat hujjatini olish uchun davlat imtihonlarini topshiradilar.  Boshlang’ich maktab yakunida o’quvchilar yozma va og’zaki imtihonlarni topshirishadi. Imtihon natijalariga ko’ra boshlang’ich maktabni tugatganligi bo’yicha shahodatnoma (diploma di licenza elementare) beriladi.

Bolalarni maktabga qabul qilishning oz shartlari mavjud. Yani, oqishga malum yilning 31-avgustidan kelasi yilning 30-apreligacha olti yoshga tolgan bolakaylar qabul qilinadi. Oila maktab tanlashda erkindir. Faqatgina maktablar uchun binolarning yetishmovchiligini hisobga olmaganda, barcha xarajatlar davlat tomonidan tolanadi. Kitoblar, oquv qurollaridan tortib, to maktab avtobusi va oshxona xarajatlarigacha bepul. O’quv yili 1-sentyabrdan boshlanib, yozgi ta’tilga 30-iyundan chiqiladi. Maktab bitiruvchilari bitiruv imtihonlarini iyul oyida topshiradilar.

Boshlangich talim boshqaruvning 2 korinishini taklif etadi

  • Classi a modulo (2 sinf uchun 3 nafar oqituvchi yoki 3 sinf uchun 4 oqituvchi) haftada 27-30 soat dars jadvali bo’lgan maktablar 
  • Classi a tempo pieno maktablarida bir sinf uchun 2 nafar o’qituvchi bo’lib, darslar haftasiga 40 soatni tashkil etadi. Har bir  bunday o’quv muassasasi o’z hududidan kelib chiqqan holda boshqaruvning tashkiliy tuzilishini ishlab chiqadi.

Maktabning boshlang’ich  sinflarida odatda 10 dan 25 nafargacha o’quvchi ta’lim oladi. Dars soatlarining 3 soati chet tilini o’rganishga ajratiladi. Dars jadvalini rejalashtirish jarayonida asosiy e’tibor fanlarni bir xil taqsimlashga qaratiladi.

Umuman, modul tizimidagi maktablarda (haftada 27 soat) haftada 5 kun o’qitiladi. O’quv jarayoni 40 soatni tashkil etadigan maktablar ham haftasida 5 yoki 6 kun ishlaydi. Soatning ko’pligiga qarab darslar umumta’lim maktablari uchun 8.30 dan 16.00 gacha olib boriladi. O’rtadagi tanaffus uchun 30 daqiqa vaqt ajratiladi.

Har bir fan uchun maxsus jadval mavjud bo’lib, unda fanning mundarijasi, maqsadi, erishish kerak bo’lgan natijasi, dars berish usuli, bosh­qa fanlar bilan bog’liqlik jihatlariga alohida ahamiyat beriladi.

Birinchi ikki yil ichida o’qituvchilar o’quvchilardan qat’iy intizomni talab qilishadi.

Jadvalda ko’rsatilgan dars­liklarning maqsadlarini o’qituvchilar oldindan bashorat qila olishlari, qaysi usul bilan o’tilgan amaliy mashg’ulotlar ko’proq natija berishini bilishi lozimligi talab etiladi.

Shuningdek, o’qituvchilarning kundalik rejalarining yarmidan ko’p qismi darslarni o’zlashtira olmaydigan o’quvchilarga mavzuni tushuntirish bilan o’tadi. Boshlang’ich ta’lim umumiy ta’limning dastlabki bo’g’ini hisoblanadi. Ta’lim muassasalari va davlat boshlang’ich ta’lim maktablari  mamlakatdagi umumiy qonunlar va qonunosti, me’yoriy hujjatlar orqali boshqariladi. Turli xil maktablarning o’zaro farqlari ularning binolari, o’quvchilar soni, sinflar va dars jadvalining tuzilishi bilan farq qilishi mumkin.

Italiyada davlat va xususiy maktablar faoliyati teng olib boriladi.

O’quv dasturlari bir-biridan uncha farq qilmaydi. 1985-yilda  qabul qilingan qonunga muvofiq boshlang’ich maktablar konstitutsiyada belgilangan shaxs va fuqarolarning ta’lim olish huquqlariga asosan ish ko’radi. Ta’lim tizimini boshqarishda fuqarolarning erkinliklariga qadriyat sifatida qaraladi va “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” talablariga javob beradi. Boshlang’ich ta’limning asosiy vazifalaridan yana biri bu ― bolalarda madaniy savodxonlikni shakllantirishdir.

Maktablar, afsuski, ta’limda amalga oshirilishi ko’zda tutilgan barcha vazifalarni to’liq bajara olmaydilar va shuning uchun o’qituvchilar doimo ota-onalar va tashkilotlar yordamiga ehtiyoj sezadilar hamda hamkorlikda faoliyat olib boradilar. Asosiy maqsad o’quvchilarni bilim olib, savod chiqarishlari barobarida erkin demokratik jamiyatda yashashga o’rgatishga qaratiladi. Ta’lim tizimi qonunchiligiga asosan maktablar o’ziga xos yo’nalishlarga bo’linadi va ulardan o’quvchilarda, avvalo, shaxsni rivojlantirish, ularning individual qobiliyatlarini hisobga olish talab etiladi. Shu bois, maktablar o’quvchilarning o’z fikrini shakllantirish va erkin ayta olish, savodxonlik, tabiiy fanlarni o’rganishda fundamental imkoniyatlarni yaratish, bu borada ta’limda ilmiy metodlarni qo’llash, shuningdek, kommunikativ uslublar orqali tarbiyalashga alohida e’tibor qaratadi. Beshinchi sinfni bitirgandan so’ng, ya’ni boshlang’ich ta’limni tugatib bolajon ta’limning keying bosqichiga o’tadi.

  1. Quyi o’rta maktab (scuola media) ― 11 dan 15 yoshgacha, o’qish muddati ― 3 yil. Bu bosqichda o’quvchilar italyan tili, tarix, geografiya, matematika, tabiiy fanlar, chet tili, san’at va musiqani o’rganishadi. Bu o’zimizdagi umumiy o’rta ta’limning 6-8 sinflariga to’g’ri keladi. Har o’quv yilidan so’ng “topshirdi-topshirolmadi” mezoni asosida imtihon topshiriladi. Bu bosqich yakunida davlat imtihonlari topshiriladi: italyan tili, matematika va chet tilidan yozma, qolgan fanlardan ― og’zaki.
  2. Yuqori o’rta maktab (scuola secondaria superiore) ― 15 dan 18-19 yoshgacha, o’qish muddati ― 5 yil. O’zimizga taqqoslaganda bu ― o’rta-maxsus ta’lim yoki maktabning 9-10 sinflari. Bu bosqichda o’quvchilar kelgusida faoliyatlarini hal qilishadi: oddiy dastur orqali o’qish yoki OTMga kirishga tayyorlanish yoki o’qishini kasbiy tayyorgarlik bilan birgalikda amalga oshirish. Ularning 2 ta tanlovi mavjud:
  • O’quvchi oddiy dasturni davom ettirishi mumkin. Bu holatda u o’qishini litseyda davom ettiradi. Litseylar talabalarni universitetlarga tayyorlaydi. Litseylarning, asosan,  3 ko’rinishi mavjud:
    • Klassik litseylar (liceo classic)
    • Texnik litseylar (liceo tecnico)
    • Tabiiy fanlar o’rgatiladigan litseylar (liceo scientifico)
    • Lingvistik litseylar (liceo linguistico)
    • Gumanitar litseylar

Tanlov ko’p hollarda o’quvchining kelajagini hal qiladi. Litseyni bitirganlarning OTMga kirish ehtimollari yuqori. Barcha litseylarning dasturi o’z ichiga adabiyot, lotin tili, matematika, fizika, tabiiy fanlar, falsafa va tarixni oladi. Kurs oxirida imtihon topshirilib, universitetga kirish uchun diplom olinadi (diploma di maturita). Klassik litseylarda 5 yil asosiy e’tibor ijtimoiy fanlarga beriladi. Boshqa sohalarda o’qish o’sha sohaga ixtisoslashgan litsey va institutlarda olib boriladi. 1998-1999 o’quv yilidan boshlab bu bosqich Diploma di Esame di State conclusivo del corso di ... (bu yerda yo’nalish nomi yoziladi) deb atala boshladi.

  • O’quvchilar kasbga o’rgatiladi. Bu ta’limni o’ziga xos “institutlar”da yoki kollejlarda olish mumkin. O’qish yakunida o’quvchilarga o’rta ma’lumot to’g’risida diplom (diploma di maturita) va kasbga o’rgatilganligi haqida ma’lumotnoma beriladi.  

Oliy ta’lim tizimi

Oliy ta’lim 18-19 yoshdan boshlanadi. Italiya oliy ta’lim tizimi universitetlar, texnik universitetlar, universitet kollejlari va akademiyalar orqali tasniflanadi. Oliy ta’lim tizimi quyidagi darajalardan iborat:

  1. Birinchi daraja ― C.L. (Corsi di Laurea) ― bakalavr darajasining muqobili. Diplom olish uchun ixtisosga qarab 4 yildan 6 yilgacha “terlash” kerak. Bunda biroz o’zgacha tizim o’rnatilgan: tilshunoslar - 4 yilda, kimyogar va arxitektorlar - 5 yilda, shifokorlar - 6 yilda diplom olishadi.
  2. Ikkinchi daraja ― C.D.U. (Corsi di Diploma Universitario) ― magistr darajasining muqobili. O’qish davomiyligi ― 3 yil. O’qish majburiy, qo’shimcha fanlarni o’zlashtirishdan va amaliyotdan iborat. Scuole dirette a fini speciali deb ataladigan 2 yillik mutaxassislik kurslari ham mavjud bo’lib, uning yakunida ham C.D.U. (magistr) darajasini olish mumkin.
  3. Uchinchi daraja ― Corsi di Dottorato di Ricerca, DR и Corsi di Perfezionamento ― doktorlik tadqiqot dasturlari. Bu darajani universitetlarda yoki maxsus ta’lim muassasalari ― Scuole di Specializzazione (ixtisoslik maktablari)da o’qib olish mumkin. Yakunida mutaxassis diplomi yoki doktorlik darajasi beriladi.


Italiyada oliy ta’lim tizimi 2 ta sektordan iborat:

  1. Universitetga oid ― o’qitiladigan kurslar, fanlar, yo’nalishlar/sohalar va darajalar soniga ko’ra ancha rivojlangan.
  2. Universitetga oid emas ― o’zida ikki yo’nalishni jam qiladi:
    1. San’at sohasida ta’lim olish (san’at maktablari, nafis san’at akademiyalari, konservatoriyalar). Ta’lim vazirligi taassarufida.
    2. Professional ta’lim. Mahaliy hokimiyat taassarufida.

Ta’lim tili

Ta’lim italyan va ingliz tillarida beriladi. Ingliz tilida ta’lim, asosan, xususiy universitetlar, xorijiy universitetlar hamda dizayn va moda maktablarida beriladi.

Moda va dizayn maktablari

Italiya ― moda va dizayn diploma uchun kelib o’qishadigan dunyodagi birinchi raqamli davlat. Domus Academy, Istituto Marangoni va boshqalar xalqaro tan olingan maktablardir. Italiyaning moda va dizayn maktablari o’qishni xohlovchilarga oliy ma’lumot, ikkinchi mutaxassislik, malaka oshirish qisqa kurslari va yozgi dasturlarni taklif qiladi. Turli sohalar bo’yicha saboq olish mumkin. 

Bunday maktablarda o’qish 1 yildan 4 yilgacha davom etadi. Darajalash tizimi ― yevropacha. Ta’lim tili: italyan yoki ingliz. Bu maktablarga o’rta ma’lumotni bitirganligi to’g’risida diplomi bo’lgan har bir kishi kirishi mumkin, biroq bu yerga tanlov asosida qabul qilishadi, negaki bu turdagi maktablar juda ham mavqeli.

Italiya universitetlari

Italiyada 47 ta davlat va davlat litsenziyasiga ega 9 ta mustaqil universitetlar mavjud. Universitetlarda ko’plab o’rta asr udumlari saqlanib qolgan. Bayramlarda talabalar Robin Gud timsolidagi rang-barang bosh kiyimlar kiyadi.

Italiya universitetlarida “kredit tizimi” (CFU) amal qiladi. Universitet krediti odatda 25 soatlik ta’limga teng. Odatda har yili talaba 60 ta kredit “yutib oladi”. O’quv yili davomida universitetda 19-20 ta fanni o’zlashtirish kerak. Darsga qatnashish shart, hatto talabalar ma’ruza va seminar kunlarini belgilab yurishadi. Kursning tugashida diplom ishi himoya qilinadi. Komissiya talabaning qatnashganligiga qarab bahoni ko’tarishi yoki pasaytirishi mumkin. Diplomni topshirolmagan talaba istalgan vaqt qayta himoya qilishi mumkin. 3 yillik amaliyotdan so’ng unversitet bitiruvchisi doktaranturaga topshirishi mumkin. Buning uchun kirish imtihonidan o’tiladi. Imtihondan o’tganlar Italiyada o’qish uchun stipendiyaga ega bo’lishadi. Doktorlik tadqiqotlari Italiyada yoki xorijda o’talishi mumkin.

O’quv yili oktabr-noyabrda boshlanib, may-iyunda tugaydi. O’quv yili davomida 3 ta sessiya bo’lib o’tadi va har bir talaba, fakultetidagi bir nechta majburiy fanlardan tashqari, imtihonni qachon va qanday fanlardan topshirishi kerakligini o’zi hal qiladi.  Negaki har bir talaba o’zining individual o’qish rejasi bo’lishi huquqiga ega. Bizdagi ta’lim tizimidan farqli ravishda Italiyada imtihon biletlari degan narsa yo’q. Imtihonlar yozma va og’zaki o’tkaziladi. Har bir imtihon ulkan shaxsiy tayyorgarlikni talab qiladi, negaki ma’ruza o’rganilishi kerak bo’lgan bilimlarning “bir bo’lakcha”sini beradi. Imtihondan hamma ham o’tolmaydi: diplomgacha 10 ta talabadan ko’p bo’lsa 3 tasi yetib boradi. 

Har bir professorning o’z qabul vaqti bo’lib, bu vaqtda u talabaga kerakli, muhim maslahatlar beradi. Professor qabuliga yozilish uchun oldindan ariza topshirib qo’yish kerak. Har bir fakultetda maslahat markazi bo’lib, u yerda ko’plab muammolarga yechim topiladi.

Italiyada o’qishning afzalliklari:

  • Kirishning osonligi;
  • Arzon narxlar: davlat OTMsida o’qish bahosi yiliga 500-2000 yevro, xususiy OTMlar narxni o’zlari belgilaydilar (9500 - 22000 yevro);
  • Davlat stipendiyalari: xorijlik talaba davlat tomonidan ehtiyojlarini qondirish maqsadida yiliga 14 000 yevrogacha stipendiya olishi mumkin;
  • Dizayn va moda yo’nalishida dunyoda birinchi o’rinda tan olingan diplomlar;
  • Xususiy OTMlarda ta’lim italyan va ingliz tilida beriladi;
  • Tanlash erkinligi: o’quv dasturini, asosan, talabaning o’zi belgilaydi;
  • Italyan tilini o’rganish;




InItalia.uz © 2020-