Shrift o'lchami: A A
Sayt ranggi: A A A A

Italiyada ta'lim olish



Italiyada ta'lim haqida qisqacha

  • Italiyada ta'lim — arxitektorlar, dizaynerlar, umuman, hayotini san'at bilan bog'lamoqchi bo'lganlar uchun ajoyib tanlov. Bundan tashqari italyan oliygohlarida turli yo'nalishlar mavjud bo'lib, aksariyatida ingliz tilida ham ta'lim olish mumkin.
  • Talablar. Italyan universitetlari bakalavriatga 11 yillik umumiy ta'limni tamomlagan abituriyentni qabul qilishmaydi, negaki bakalavriat uchun asosiy talab - 12 yillik ta'lim dasturini tugatgan bo'lish. 11 yil o'qigan abituriyent yoki o'z mamlakatida topshirmoqchi bo'lgan yo'nalishining 1 kursida o'qishi kerak yoki Italiya universiteti qoshidagi Foundationni o'tashi kerak.
  • Narxlar. O'qishning o'rtacha narxi: yillik $2424-3030. Italiya Yevropada ingliz tilida tibbiyot yo'nalishida o'qish uchun eng arzon davlatlar qatoriga kiradi: yillik $3636-4847.
  • Tayyorlov dasturlari. Italiyada Foundation dasturlarining narxi o'rtacha $6059. Dasturga topshirish uchun B1-B2 darajadagi ingliz tilini bilish kerak (italyan tilini bilish shart emas). Imkon qadar Foundation dasturini topshirmoqchi bo'lgan oliygohda o'tash kerak, negaki hamma oliygohlar ham bir-birining tayyorlov dasturlarini tan olmaydilar.
  • Qonuniylashtirish. Xorijiy attestat yoki diplomga apostil qo'yish kerak hamda Italiya elchixonasi (konsullik)da Dichiarazione di Valore degan shtamp urdirish kerak.
  • Viza. Viza olish uchun hisob raqamda ma'lum miqdordagi summa bo'lishi kerak. Elchixonadan aniqlashtiriladi. O'rtacha $5000 (tahminiy).
  • Ishga joylashish. O'qishni tamomlagandan so'ng talaba ish topish uchun bir yillik viza olishi mumkin. Afsuski, hozirda Italiyada ish topish mushkul. Italyan diplomi hamma joyda tan olinadi, shu sababli omadni boshqa davlatlarda ham sinab ko'rish mumkin.

  • Arzon ta'lim. Yevropa davlatlari bilan solishtirsak Italiya ta'lim olish uchun ancha arzon davlat hisoblanadi, bu yerda italyan tilida ta'lim olish yiliga o'rtacha $4847 ga tushadi. Bundan tashqari, xorijiy talaba moliyaviy yordamga muhtoj bo'lgan barchaga taqdim etiladigan davlat stipendiyasiga egalik qilishi ham mumkin. Bu orqali talaba oyiga $1091 miqdordagi stipendiyaga ega bo'ladi. Bundan tashqari Italiyada universitet stipendiyasi mavjud bo'lib, uning miqdori $1212 dan $12119 gacha bo'lishi mumkin.
  • Tanlov erkinligi. Balki bu o'zbekistonlik talabalarni hayron qoldirar, ammo Italiyada standartlashtirilgan dasturlar yo'q. Talaba nimani o'qiydi - bu, asosan, talabalarga bog'liq: kurslar va ma'ruzachilarni o'zlari tanlashadi. Bu turli xil qo'shimcha, keraksiz fanlar bo'lishini oldini oladi.
  • Dizayn va arxitektura. San'at sohasida ta'lim olmoqchi bo'lganlar uchun dunyodagi eng yaxshi oliygohlar, shubhasiz, Italiyada joylashgan.
  • Ingliz tilidagi dasturlar. Xorijliklar yil sayin Italiyada o'qishni istashayotganligi sababli yaqin 10 yil ichida ingliz tilidagi ta'lim dasturlari soni 10 barobarga oshgan. Bakalavrga topshirmoqchi bo'lganlar uchun til bilish darajasi Intermediate'dan (min IELTS 5.5), magistratura uchun Upper-Intermediate'dan (min. IELTS 6.5) kam bo'lmasligi kerak.
  • Italyan tili va madaniyati. Italyan tilini bilish talaba uchun ko'plab eshiklarni ochadi: nisbatan arzon ta'lim, ishga joylashishdagi ustunlik va aholi bilan muloqot qilish. Bundan tashqari, italyan tili eng ko'p o'rganiladigan Top-5 likning 5-o'rnida turadi.
  • Ishsizlik. Italiya ishsizlik darajasi bo'yicha Yevropada 6-o'rinda turadi: aholining o'ndan bir qismi ishsiz va ta'lim olmaydilar[1]. Yoshlarning bandligi achinarli holatda: ularning 30% dan ko'p qismi ishsizdir va bu bilan Italiya yoshlar o'rtasidagi ishsizlik bo'yicha 4-o'rinda mahkam o'rnashgan.
  • Ta'lim tizimi. Mavjud ta'lim tizimining qotib qolganligi mutaxassislar tomonidan ishsizlikning asosiy omili deb hisoblaniladi. Ko'plab universitetlar talabalar uchun amaliy ko'nikmalarni rivojlantirish uchun deyarli hech qanday sharoit yaratib berishmaydi. Mavjud dasturlar mehnat bozori talablariga mos emas: ma'lum yo'nalish uchun kvotalar ko'p, lekin o'sha yo'nalish kadrlari uchun talab yo'q.
  • Shovqin-suronli hayot. Italiya - Yevropa madaniy poytaxtlaridan biri. Bu yerda har yili turli xil dunyo miqiyosidagi tadbirlar uyushtiriladi. Bir tomondan talaba uchun bu yaxshi, boshqa tomondan bu talabani o'qishdan chalg'itadi, agar u Italiyaning yirik shaharlaridan birida o'qisa.
  • Quyi darajadagi ingliz tili. Ingliz tilidagi ta'lim dasturlari ko'payishiga qaramasdan talabalar o'qituvchilarning ingliz tili darajasi pastligini aytishadi. Bu vaqti kelib o'z iziga tushadi, biroq italyan tili talaba uchun kundalik hayotda juda asqatadi (agar yirik shaharda turmasa). Ishga joylashish uchun ham katta imtiyoz beradi.

Italiyada ta'lim strukturasi va narxi

DasturMin. yoshDavomiyligiMin. narxiO'rtacha narxiMin. til bilish darajasi Imtihonlar
Yozgi oromgoh (lager)7+1–12 hafta848 USD/hafta1,575 USD/haftaA1
Til maktabi16+1–12 hafta182 USD/hafta327 USD/haftaA1
O'rta maktab11+5-9 yilBepul (Davlat maktabi)18,178 USD (Xususiy) B1-
Foundation oliygohga tayyorlov16+1 yil4,484 USD/yil6,059 USD/yilA1CILS
Kollej16+1-3 yil1,454 USD/yil4,605 USD/yilB1IELTS / CILS
Bakalavriat (davlat)17+3 yil2,060 USD/yil4,847 USD/yilB2IELTS / CILS
MBA (Master of Business Administration)20+2 yil9,695 USD/yil30,297 USD/yilB2IELTS / CILS
Magistratura20+1-2 yil6,059 USD/yil8,483 USD/yilB2IELTS / CILS
Doktorantura20+3-5 yil1,030 USD/yil1,212 USD/yilC1IELTS / CILS

Italyan oliy ta'lim tizimiga bir necha xil muassasalar kiradi:

  1. Universitetlar (Università) va politexnikumlar (Politecnici)
  2. Oliy san'at maktablari (Istituzioni AFAM – Alta Formazione Artistica e Musicale)
  3. Oliy texnik universitetlar (Istituti Tecnici Superiori)

XarajatlarO'rtacha narxi
Imtihonlar85 USD
Ro'yxatdan o'tkazish badali92 USD
Parvoz350 USD
Ijara606 USD/oy
Yeb-ichish545 USD/oy
Sug'urta182 USD/yil
Ta'lim materiallari61 USD

Italiya oliygohlariga kirish variantlari



DDV - Diplomni Italiyada tasdiqlatish va rasmiylashtirish

Italiyada o'qimoqchimisiz, demak diplomni tasdiqlatish kerak. Ya'ni apostil qo'ydirish zarur. Bu haqida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan ma'lumot olish kerak. Apostil qo'yish narxi 2018-yilda 17224 so'mni tashkil qilgan.
Keyingi bosqich — diplomni Italiyada tan olinishi (Procedure di riconoscimento dei titoli) — ikki bosqichdan iborat: tasdiqlash va tan olish. To'liq ma'lumot olish uchun Italiya elchixonasiga yoki Italiyada o'qishga kirishga yordam beruvchi tashkilotlarga murojaat qiling.
DDV ni olish uchun tahminan 76 USD to'lash kerak. Ko'rib chiqish muddati o'rtacha 1-2 haftani tashkil qiladi. Sertifikatni olgandan so'ng bemalol Italiyaning OTMlariga hujjat topshirish hamda ishlash ham mumkin.

Foundation - Italiyaning tayyorlov dasturi

MDH davlatlarida 11 yillik umumiy ta'lim olgan abituriyentlar to'g'ridan to'g'ri Italiya oliygohlariga topshira olmasliklari haqida aytib o'tdik, chunki u yerda qo'yilgan asosiy talablardan biri 12 yillik ma'lumotga ega bo'lishdir. Abituriyentning bu holatda quyidagi yo'llari bor:

  • O'z davlatida bir yil o'qib, keyin italyan OTMsiga topshirish;
  • Boshqa o'quv muassasiga topshirib (masalan, kollej) u yerda bir yil o'qish (afsuski, Italiyadagi ko'plab OTM o'zbek kollejlarini tan olishmaydi);
  • Xalqaro bakalavriat (IB) yoki A-Levels dasturlarini tamomlash kerak;
  • Italiyaning Foundation - tayyorlov kurslarida o'qish kerak.

Tayyorlov kurslari (corsi propedeutici) maxsus xorijiy abituriyentlar uchun mo'ljallangan bo'lib, uning asosiy maqsadi abituriyentning vatanidagi va Italiya ta'lim tizimi o'rtasidagi devorni olib tashlash hamda OTMga bo'ladigan imtihonga tayyorlash. Ushbu tayyorlov kurslarining afzallik tarafi shundan iboratki, ko'plab italyan OTMlari o'zining tayyorlov dasturini tamomlagan abituriyentni kirish imtihonlaridan ozod qiladi (ko'z ostimda bo'lding, men senga ishonaman deyishadi-da :-)). O'quv jarayoni italyan va/yoki ingliz tilidagi mashg'ulotlardan hamda tanlangan yo'nalish fanlarini o'qishdan iborat.

  • Pasport nusxasi;
  • Ariza;
  • O'rta ta'limni tamomlaganlik to'g'risidagi hujjatning ilovalari bilan italyan tiliga o'girilgan va notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • Ta'lim to'g'risidagi hujjatlarning yuridik mavqeyi (Dichiarazione di valore) haqidagi ma'lumotnoma;
  • Til bilish darajasi haqidagi sertifikat
  • Rezyume
  • Motivatsion xat.
Abituriyentlarni Skype yoki boshqa dastur orqali til bilish darajasini aniqlash maqsadida onlayn suxbatga chaqirishlari ham mumkin.

E'tibor bering! san'at maktablari talabgorlarni saralash maqsadida katta talablar qo'yishi mumkin: yoshga cheklov bo'lishi ehtimoli ham mavjud. Tayyorlov kurslari joyga qarab 3 yilgacha cho'zilishi mumkin. Kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagandan so'ng abituriyent imtihon topshiradi va sertifikatga ega bo'ladi.

Kollej - Italiyada professional ta'lim

Italiyada oliy (yuqori) professional ta'lim texnik universitetlar (Istituti Tecnici Superiori, ITS) va maxsus malaka oshirish dasturlari (Istruzione e Formazione Tecnica Superiore, IFTS) ko'rinishida namoyon bo'ladi.

  • IFTS dasturlari ustidan nazorat hududiy munitsipal ma'muriyat qo'lida bo'lib, u 4 turdagi muassasada amalga oshiriladi: umumta'lim va biznes-maktablar, professional ta'lim dargohlari va oliygohlarda. Bu yerda yoshlar va kattalar, o'rta ta'lim olmaganlar, maxsus bilimga va tajribaga ega bo'lmaganlar imtihon topshirib o'qishlari mumkin. Bu o'zimizda mavjud kasb-hunarga o’qitish markazi (KOICA)ga o'xshash professional ta'lim muassasasi. O'qish so'nggida bitiruvchi texnik mutaxassis sertifikatiga (certificato di specializzazione tecnica superiore) ega bo'ladi. Sertifikat Yevropa Ittifoqi (YI)ning ko'plab davlatlariga o'tadi. IFTS seritifikati o'rta ma'lumotsiz o'qish imkoniyatini bermaydi, ammo ishlash mumkin.
  • ITS - bu OTM (yoki uning filiali) yoki munitsipal ma'muriyat tomonidan tuzilgan ta'lim muassasasi. Ushbu ta'lim dargohlariga o'rta ma'lumot talab qilinadi. O'qish - 2 yildan 3 yilgacha davom etadi, ammo ushbu vaqtning 30% qismi italyan va xorijiy kompaniyalarda amaliyot ko'rinishida o'tadi. Bitiruvchilar ishga joylashish huquqini yoki ayni yo turdosh magistratura yo'nalishiga topshirish imkoniyatini beruvchi texnik mutaxassis diplomini (diploma di tecnico superiore) olishadi.

Bakalavriat - Italiyada Undergraduate ta'lim

Bakalavriat (Laurea) - oliy ta'limning birinchi bosqichi. Xorijiy talabalar uchun hujjat topshirish jarayoni "pre-enrollment"[2] dan boshlanadi. Bu uchun abituriyent italyan yoki ingliz tilidagi anketani to'ldirishi va boshqa hujjatlar bilan birga italyan elchixonasiga yoki konsuligiga olib borishi kerak. E'tibor beringki, faqat bir OTM va bir yo'nalishni tanlash mumkin. Shundan so'ng elchixona hujjatlarni tanlangan OTMga yuboradi, o'z navbatida OTM imtihon kunini va talabani qabul qilish yoki qabul qilmasligini belgilaydi. Keyingi jarayon viza olish, imtihon uchun Italiyaga borish hamda OTMning yakuniy xulosasidan iborat.

  • Ariza;
  • Passport nusxasi;
  • 2 dona 3,5x4,5 rangli fotosurat;
  • O'rta ta'limni tamomlaganlik to'g'risidagi hujjatning ilovalari bilan italyan tiliga o'girilgan, apostil qo'yilgan va notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • Ta'lim to'g'risidagi hujjatlarning yuridik mavqeyi (Dichiarazione di valore) haqidagi ma'lumotnoma;
  • Italiyada tayyorlov kursini tugatganlik haqidagi sertifikat yoki oliygohdan (yoki boshqa har qanday muassasa) birinchi yil olgan baholari haqidagi ma'lumotnoma;
  • Badal to'laganligi haqidagi ma'lumotnoma (121-242 USD);
  • Til bilish darajasi haqidagi sertifikat
  • Rezyume
  • Motivatsion xat.

Italiya OTMlarida 2 xil ta'lim dasturi mavjud: cheklangan va cheklanmagan qabul asosidagi.

  • Cheklangan qabul asosidagi dasturlar (Limited enrolment programmes) kirish imtihonini saralash uchun asosiy talab deb bilishadi. Baholar reytingi asosida mandat e'lon qilinadi. Imtihonlar onlayn (TOLC) yoki OTM hududida bo'lishi mumkin. Dasturdagi istisno Xalqaro kommunikatsiya va Sog'liqni saqlash menejmenti dasturlariga tegishli - talabalar diplomidagi baholar asosida qabul qilinadi. Cheklangan qabul, asosan, tibbiyot va arxitektura yo'nalishlarida uchraydi.
  • Cheklanmagan qabul asosidagi dasturlar (Open admissions programmes) ham kirish imtihoni o'tkazadi, faqat ular imtihonga saralash vositasi deb emas, balki talabaning ko'nikmasini baholash vositasi sifatida bilishadi. Imtihon natijasi qanday bo'lishidan qat'i nazar abituriyent o'qishga kirishi mumkin. Lekin imtihon natijasi qo'shimcha talablarga ta'sir ko'rsatadi (Obblighi Formativi Aggiuntivi, OFA), ya'ni agar abituriyentning balli past bo'lsa, OTM uni qo'shimcha kurslar yoki mashg'ulotlarga jalb etilishini majburiy qilishi mumkin. Cheklanmagan qabul asosidagi dasturlari ko'proq matematika va texnika yo'nalishlariga tegishli.
Bakalavriatda o'qish 3 yilni (180 ECTS, tibbiyotda 5 yil) tashkil etadi.

Magistratura - Italiyada Graduate/Postgraduate ta'lim

Magistratura (Laurea Magistrale) Italiyada 2 yil davom etadi (120 ECTS). Talabalar asosiy kurslar, elektivlar, ma'ruzalar, praktikumlarga qatnashadilar, individual hamda guruh vazifalarini bajaradilar. Oxirgi semestr 100 sahifadan ko'proq dissertatsiya yozish uchun ajratiladi.

"Oldindan kirish" (pre-enrollment) uchun topshiriladigan hujjatlar:
  • Ariza (italyan yoki ingliz tilida);
  • Passport nusxasi;
  • 2 dona 3,5x4,5 rangli fotosurat;
  • Bakalavr diplomining ilovalari bilan italyan tiliga o'girilgan, apostil qo'yilgan va notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • Ta'lim to'g'risidagi hujjatlarning yuridik mavqeyi (Dichiarazione di valore) haqidagi ma'lumotnoma (Diplomini iyunda oladigan hamda hujjat topshirishgacha DV rasmiylashtirolmaydigan talabalar o'zining OTMsidan o'qishni shu yil bitirishi haqida ma'lumotnoma (rus tilida) olib borishlari kerak).
Italyan OTMlari tomonidan so'raladigan hujjatlar:
  • Bakalavr diplomining ilovalari bilan italyan tiliga o'girilgan, apostil qo'yilgan va notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • Tugatgan bakalavr yo'nalishining o'quv rejasi, o'tilgan mashg'ulotlar va ularning soatlari;
  • Til bilish darajasi haqidagi sertifikat;
  • Portofolio (san'at bilan bog'liq yo'nalishlarga);
  • Rezyume;
  • Motivatsion xat;
  • Tavsiyanoma.
Hujjat topshirishdagi muhim talab tanlangan magistratura yo'nalishi tugatilgan bakalavr yo'nalishi bilan mos yoki turdosh bo'lishi kerak. Ba'zi yo'nalishlar qo'shimcha imtihonlardan o'tishni talab qiladi: misol uchun, Milan politexnikumining Energetika muhandisligi va Muhandislik menejmenti fakultetiga topshiruvchilardan GRE (Graduate Record Examinations) ni topshirish so'raladi.

Tibbiyot, yurisprudensiya, muhandislik va arxitektura yo'nalishlari bo'yicha mutaxassislik dasturlari magistraturaga tenglashtiriladi, ammo 5-6 yil davom etadi (300-360 ECTS) va kirish uchun bakalavrni yakunlash talab qilinmaydi. Italiyadagi Laurea Magistrale'ni Master'dan farqlash kerak, Master magistratura emas, balki bir yillik malaka oshirish dasturidir. Masterning birinchi bosqichi bakalavrdan keyin, ikkinchi bosqichini esa magistraturadan keyin olish mumkin. Master o'z holicha akademik darajaga ta'sir qilmaydi, lekin ular bilan birgalikda keyingi bosqichlarga kirish uchun yengillik berishi mumkin.

Doktarantura - Italiyada Postgraduate ta'lim

Doktorantura (Dottorato di Ricerca) - oliy ta'limning 3-chi pog'onasi. O'qishga topshirish uchun magistraturani ayni yoki turdosh yo'nalishda tamomlash kerak. Talabalar hujjatlarni to'g'ridan to'g'ri OTMga topshirishadi.

"Oldindan kirish" (pre-enrollment) uchun topshiriladigan hujjatlar:
  • Ariza;
  • Passport nusxasi;
  • Magistr diplomining ilovalari bilan italyan tiliga o'girilgan va notarial tasdiqlangan tarjimasi;
  • Tanlagan ilmiy ishining rejasi;
  • Ilmiy maqolalari va tezislari (mavjud bo'lsa);
  • Ma'muriy badal to'lovi to'langanligi haqida ma'lumotnoma (61 USD);
  • Til bilish darajasi haqidagi sertifikat
  • Rezyume;
  • Motivatsion xat;
  • Tavsiyanoma.

O'qish davomiyligi 3 yildan 5 yilgacha davom etadi. Birinchi yil mashg'ulotlarga ajratiladi, keyingi yillar esa ilmiy tadqiqot ishga. Qo'shimchasiga, talabaga o'qituvchilik majburiyati yuklanishi mumkin (yiliga 40 soat).

"Oldindan kirish" (pre-enrollment) uchun topshiriladigan hujjatlar:
  • Postdoktorantura (Assegno di ricerca) doktorantura bitiruvchilarining tadqiqot va/yoki pedagogik faoliyatlarini davom ettirishidir. Odatda 2 yil davom etadi.
  • Assistent yoki ilmiy xodim (Ricercatore a Tempo Determinato) an'anaga ko'ra, yosh doktorlarning ilk akademik lavozimi hisoblanardi, lekin hozir postdoktorantura tobora ommalashmoqda. Ilmiy xodimlarning 2 toifasi mavjud: A va B toifa. A toifadagi Ricercatore'da postdoktoranturaning tadqiqot / pedagogik tajribasiga ega bo'lishi talab etilmaydi. Bunda shartnoma oldiniga 3 yilga tuziladi, keyin yana 2 yilga uzaytiriladi. Hozirda keng ommalashgan usul oldin A toifadagi Ricercatore bo'lib, keyin B toifaga o'tish hisoblanadi. B toifadagi Ricercatore akademik tajribaga ega bo'lishi kerak va ular bilan shartnoma 3 yilga uzaytirish imkonisiz tuziladi. Ushbu 3 yil davomida ricercatore yuqori lavozimlarni zabt etish uchun kerak bo'ladigan abilitazione scientifica nazionale — milliy ilmiy kvalifikatsiyani qo'lga kiritishi kerak.
  • Dotsent (Professore associato). Ushbu unvonni egallash uchun akademik ilmiy kengashga yetarli miqdordagi ilmiy ishlarni topshirishi va tegishli kvalifikatsiyaga ega bo'lishi kerak. Dotsentlarning ilmiy ishlari va faoliyatidan tashqari pedagogik yuklamasi ilmiy xodimlarga nisbatan ikki barobar ortiqdir.
  • Professor (Professore ordinario) — Italiyadagi eng katta akademik unvon va eng katta akademik lavozimdir. Professorlikka nomzodlar kerakli kvalifikatsiya uchun imtihon topshirishadi. Shundan so'ng ilmiy kengash keyingi to'rt yilda professor unvonini olishi mumkin bo'lgan dotsentlar ro'yxatini tuzadi. Professorlikning birinchi 3 yili sinov muddati (professore straordinario) hisoblanadi. Shundan so'nggina akademik universitetda doimiy maqomda qoladi.
Ricercatore'ning (assistent) o'rtacha maoshi oyiga 1818 USD, dotsentniki oyiga 3030 USD, professorniki oyiga 4363 USD ni tashkil qiladi. Xorijiy o'qituvchilar til baryeri tufayli akademik muhitga o'rnashishi qiyin, biroq sekin-asta xususiy OTMlar xorijiy o'qituvchilarni ko'proq ishga jalb qilishmoqda.

Italiya oliygohlarining stipendiyalari va grantlari

Italiyada xorijiy talabalar uchun ko'plab stipendiyalar va grantlar mavjud:

  • Davlat stipendiyasi. Italiya tashqi ishlar vazirligi oliy ta'limning istalgan bosqichidagi talabalar uchun turli stipendiyalar, tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga homiylik taklif qiladi. Stipendiya o'qish to'lovini, salomatlik sug'urtasini va xo'jalik xarajatlarini qoplaydi. Talabalar moliyaviy ko'makni 3, 6 yoki 9 oy davomida olishlari mumkin. Talabgorlar italyan tilini A2-A2+ (ingliz tilli dasturlar uchun) darajada bilishi va 35 yoshdan kichik bo'lishi kerak. Arizalar har yilning mart-aprel oylarida qabul qilinadi.
  • OTMlar stipendiyalari. Deyarli barcha italyan OTMlari har qanday talabar uchun stipendiya taklif qilishadi. Masalan, Boloniya universiteti (Università di Bologna) har yili bakalavriat va magistratura talabalariga 13313 USD miqdoridagi, Milan texnik universiteti (Politecnico di Milano) esa 5000-12119 USD miqdoridagi grantlar va stipendiyalar ajratadi.
  • Xususiy grantlar. Ba'zi kompaniyalar chet ellik talabalar uchun stipendiya va grantlar ajratadi. Ular qatorida EDISU (Pyemontedagi xususiy NNT) va ER.GO (Emilya-Romanyada) tashkilotlari bor. ER.GO Emilya-Romanyadagi musiqa va san'at maktablarida o'qiydigan talabalar uchun stipendiyalar ajratadigan davlat tashkilotidir.

Italiyada o'qish uchun talaba vizasi

Italiyada o'qish uchun uzoq muddatli viza kerak (90 kundan ortiq bo'lgan).
Talabalik vizasi uchun topshiriladigan hujjatlar ro'yxati:

  • Viza olish uchun ARIZA;
  • Pasport;
  • Xorijga chiqish pasporti;
  • 3,5x4,5 o'lchamdagi fotosurat;
  • Moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi ma'lumotnoma (miqdorini elchixonadan aniqlashtirish kerak, o'rtacha 5000 USD);
  • Italiya hududida turar joy mavjudligini tasdiqlovchi ma'lumotnoma;
  • Tibbiy sug'urtalanganlik haqidagi sertifikar;
  • Til bilish darajasi haqidagi sertifikat
  • Universitetdan taklifnoma yoki o'qishga kirganlik haqida ma'lumotnoma.

Italiyaga kelgandan so'ng 8 kun ichida tegishli idoralar ro'yxatidan o'tish va ruxsatnoma rasmiylashtirish kerak.
Barcha xarajatlar o'rtacha 92 USD ni tashkil qiladi.

O'qish davomida ishlash imkoniyati

Italyan qonunchiligiga ko'ra xorijiy talabalar haftasiga 20 soat va kuniga 4 soatdan ortiq ishlashlari mumkin emas. Ishga kirishdagi asosiy talab italyan tilini yaxshi bilish.
Ish topish uchun talaba bandlik markazlariga yoki OTM qoshidagi talabalar bandligi bo'limiga borishlari mumkin. Ko'plab amaliyotlar uchun haq to'lanmaydi, lekin ba'zi kompaniyalar talabalarga oyiga 500 dan 1212 USD gacha haq to'lashadi.

Italiyada qolish va immigratsiya

Italyan OTMlari bitiruvchilari bir yil davomida ish topish uchun Italiyada qolish huquqiga egalar. Ishga joylashgandan so'ng xorijliklar ishlash uchun doimiy ro'yxatga qo'yiladi (Nulla Osta al lavoro). E'tibor qilishga arzigulik narsa shuki, ishlashga ruxsat berish haqidagi ruxsatnomalar kvotalar bilan chegaralangan: 2019-yilda immigratsiya xizmati 30 850 shunday hujjatlar taqdim qilgan[3]. Nulla Osta al lavoro 6 oylik yaroqlik muddatiga ega, shu muddat ichida ishchi mehnat qilish uchun viza olishga murojaat qilishi zarur.
Italiya fuqaroligini olish uchun Italiyada 10 yil muqim yashagan bo'lish kerak.

Kelajak va ishga joylashish imkoniyatlari

  • Italiya. Ishsizlik Italiya avjida: 2016-yil mamlakatni ish topish uchun 18-34 yoshlilarning 50 mingtasi tark etgan. Raqobat Xitoydagidan qolishmaydi, bir o'ringa hatto 10 minglab nomzodlar to'g'ri kelishi mumkin.
  • Yevropa. Yevropada ta'limning yagona tizimi mavjud bo'lmasada, Italyan diplomlarini ko'p davlatlar o'ylab o'tirmasdan qabul qilishadi. Ayniqsa, arxitektura OTMlarini bitirganlarga talab kuchli — ushbu yo'nalishdagi ko'plab OTMlar xalqaro QS reytingi (QS Rankings) bo'yicha TOP-50 ga kirishgan.
  • O'zbekiston va MDH davlatlari. Ortiqcha gapirishga hojat ham yo'q, Italyan diplomini bu yerlarda jon-jon deb tan olishadi. Hatto yuqori maoshga loyiq ko'rishadi. Faqatgina shunga loyiq bo'lsa.

Unipage.net sayti ma'lumotlari asosida tayyorlandi.
02.05.2021

InItalia.uz © 2020-