Shrift o'lchami: A A
Sayt ranggi: A A A A

ITALYAN TILI QAYSI RANGDA?


Italyan tilida ranglarni bildiruvchi so’zlar biror bir rangni ifodalashdan tashqari boshqa ma’nolarga ham ega, xuddi boshqa tillardagi kabi. Misol uchun, sariq rangni bildiruvchi “giallo” so’zini olaylik. Bu italiyaliklar uchun faqat sariq rangni bildiribgina qolmasdan, balki detiktiv syujetiga ega bo’lgan roman yoki filmni bildiradi. Nega? 1929-yil “Mondadori” nashriyoti tomonidan detektiv asarlar ketma-ketligi nashr qilingan. Ajablanarlisi, barcha kitoblarning muqovasi sariq rangda edi. Shu sababli ham bundan so’ng bu janr ihlosmandlari tasavvurida sariq rang bilan detiktiv asarlar o’rtasida bog’lanish ro’y berdi. Keyinchalik “giallo” so’zi “detiktiv hikoya” ma’nosida ham qo’llana boshladi va xalq iste’moliga kirdi.   

Yashil rangni bildiruvchi “verde” so’zi ko’plab iboralar tarkibiga kiradi. Masalan, so’zma-so’z tarjimada “yashil rangda bo’lmoq” ma’nosini beruvchi “essere (rimanere) al verde" iborasi aslida “sariq chaqasiz qolmoq”, “tiyinga zor bo’lmoq”, “cho’ntagi bo’shamoq” ma’nolarini beradi. Bu ommaviy savdo amaliyoti bilan bog’liq hodisalar tufayli kirib kelgan. Ancha oldingi vaqtlar har bir savdodan oldin auksion olib boruvchisi osti yashil rangga bo’yalgan uncha katta bo’lmagan bir shamni yoqardi. Savdolashish sham yongan vaqti bo’lardi, yashil ranggacha borib sham o’chsa, savdo tugatilardi. Kimlardir ushbu savdolar vaqti boyib qolardi, kimlardir  esa o’z mahsulotini sota  olmas edi. Xuddi o’shalar “yashilda qolishgan”.

Italyan tilida ko’k rangning ko’plab tuslari o’z nomiga ega: blu (ko’k), azzurro (moviy), turchino (nim qora ko’k), celeste, celestino (osmon rang), indaco (nim ko’k). “indaco” ranggi ― jinsi shimlar uchun maxsus bo’yoq sifatida tushunilsa, qolgan tuslar kengroq ma’noga ega. Misol uchun, “azzurro” ― faqatgina moviy rang emas, balki u ham futbol bo’yicha Italiya terma jamoasi futbolchilarini, ham “Forza Italia” siyosiy harakati a’zolarining  nomidir. Tushunarli bo’lishi uchun: “l’undici azzurro” (moviy 11 talik) ― futbol bo’yicha italyan terma jamoasi; “l’arma azzurra” (moviy jangchilar) ― Italiya harbiy-havo qo’shini; “principe azzurro” (moviy shaxzoda) ― bizdagi “oq otdagi shaxzoda”; “pesce azzuro” ― oddiy seld balig’i.

Italyan tilida oq rang bo’lmish “bianco” ham muhim ahamiyatga ega. Bu so’z bilan bog’liq juda ham ko’p iboralar mavjud. Masalan, agar o’yin “in bianco” deya tugallansa, demak “durang” (e’tibor qiling, bizda ham bu so’z “rang” bilan bog’liq)  bo’lgan. Odamovi, boshqalarga o’xshamaydigan, g’alati kimsalarni italyanlar “mosca Bianca” (oq pashsha) deyishadi, ya’ni “oq qarg’a” - muhit uchun begona.

di punto in bianco” iborasi “birdan, qo’qqisdan, da’fatan” ma’nolarini beradi. Ko’pchilik etimologlar bu iborani qadimda ballistika (snaryadlarni yo’nalishi fani) qoidalari bilan bog’lashadi. Bunda qurolning “punto in bianco” holatidan otilgan o’q ovozsiz nishonni zabt etgan, shu sababli ham bu ibora kelib chiqqan.

Ko’rib turganingizdek, bunday iboralar juda ko’p. Ularni qo’llashdan oldin uning tub mohiyatini bilish foydadan holi emas.




InItalia.uz © 2020-